Qonunchilik

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING

QARORI

AKTSIYaDORLIK JAMIYaTLARIGA XORIJIY INVESTORLARNI JALB QILISH BORASIDAGI QO’SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO’G’RISIDA

(O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2015 y., 51-son, 633-modda)

Aktsiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investor va menejerlarni keng jalb etish, korporativ boshqaruvda, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashda, sifatli, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish hamda uni tashqi bozorlarga olib chiqishda ularning faol ishtirok etishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek aktsiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallarida davlat aktivlari va ulushlarini qisqartirish hisobidan iqtisodiyotda davlatning ishtirokini tubdan kamaytirish maqsadida:

  1. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 31 martdagi PQ-2327-sonli qarori bilan tashkil etilgan Aktsiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish bo’yicha komissiyaning, shuningdek aktsiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalida xorijiy investorlarning ulushi 15 foizdan kam bo’lmasligidan iborat tartib joriy etilishi taklifiga rozilik berilsin.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2016 yilning 1 apreligacha O’zbekiston Respublikasining «Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi Qonuniga hamda boshqa qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlarga mazkur qarordan kelib chiqadigan tegishli o’zgartish va qo’shimchalar bo’yicha belgilangan tartibda takliflar kiritsin, ular asosida ishlab chiqilgan aktsiyadorlik jamiyatining namunaviy nizomini tasdiqlasin.

Aktsiyadorlik jamiyatlari 2016 yilning 1 apreligacha o’z nizomlari va ichki me’yoriy hujjatlariga tegishli o’zgartishlar kiritishni hamda ularni qarorning ushbu bandi talablariga muvofiqlashtirishni ta’minlasin.

  1. Belgilansinki

ustav kapitalida xorijiy investorlarning ulushi 15 foizdan kam bo’lgan, avval tashkil etilgan aktsiyadorlik jamiyatlari, 2016 yilning 1 iyuligacha bo’lgan muddatda mazkur qarorning 1-bandi talablari bajarilishini ta’minlashi lozim, strategik mahsulotlar ishlab chiqarish va birlamchi qayta ishlash sohasida faoliyat yuritayotgan aktsiyadorlik jamiyatlari, shuningdek tabiiy monopoliya sub’ektlari va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro’yxatlar bo’yicha narxi boshqariladigan ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar va xizmatlarni yetkazib beruvchilar bundan mustasno.

o’z ustav kapitallariga belgilangan muddatlarda xorijiy investorlarning 15 foizdan kam bo’lmagan ulushi jalb qilinishini ta’minlamagan aktsiyadorlik jamiyatlari, soliq imtiyozlari va preferentsiyalar berishdan kelib chiqadigan barcha oqibatlarni hisobga olgan holda, ular aktsiyadorlik jamiyatlari reestridan chiqariladi va boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga o’zgartiriladi;

2016 yilning 1 iyulidan boshlab yangi tashkil etiladigan aktsiyadorlik jamiyatlari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutiladigan holatlardan tashqari, faqat xorijiy investorning ustav kapitalidagi ishtiroki ulushi 15 foizdan kam bo’lmagan taqdirdagina tashkil qilinishi mumkin.

  1. Aktsiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish bo’yicha komissiya (R. Azimov) va Vazirlar Mahkamasi komplekslari zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:

amaldagi aktsiyadorlik jamiyatlarini belgilangan muddatlarda mazkur qaror talablariga muvofiqlashtirishning qat’iy nazoratini ta’minlash;

xorijiy investorlarga sotilishi lozim bo’lgan aktsiyadorlik jamiyatlarining aktsiyalarini baholash va savdoga qo’yish jadvalini bir oy muddatda ishlab chiqish va tasdiqlash;

xorijiy investorlarni aktsiyadorlik jamiyatlariga jalb etish bo’yicha ishlarning tashkil etilishi doimiy monitoringini olib borish;

aktsiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining ulushi sotilishini davom ettirish bo’yicha tizimli asosda takliflar ishlab chiqish va kiritish.

  1. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 11 apreldagi PF-3594-sonli Farmoni bilan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga xorijiy investor tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab yuridik shaxslarning foyda solig’i, mulk solig’i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig’i, yagona soliq to’lovi, shuningdek Respublika yo’l jamg’armasiga majburiy ajratmalar to’lash bo’yicha berilgan imtiyozlar tabaqalashtirilgan tarzda xorijiy investorning ulushi ustav kapitalining 15 foizidan 33 foizigacha miqdorni tashkil etadigan aktsiyadorlik jamiyatlariga tatbiq etilsin.
  2. Quyidagilar:

2020 yilning 1 yanvarigacha xorijiy investorlarning aktsiyadorlik jamiyatlarida ularga tegishli bo’lgan aktsiyalaridan dividend tarzida olayotgan daromadidan soliq to’lashdan;

xorijiy investitsiyasi mavjud aktsiyadorlik jamiyatlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda da’vo arizasi bilan sudga murojaat etganda davlat bojini to’lashdan ozod qilinsin, keyinchalik davlat boji sudning tegishli qarori bilan aybdor deb topilgan tomondan undirib olinsin.

  1. O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda joylarga chiqib aktsiyadorlik jamiyatlarining moliyaviy-iqtisodiy ahvolini o’rganish uchun jalb etilgan xorijiy mutaxassislarga O’zbekiston Respublikasiga kirish va turish uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishda ko’maklashsin.
  2. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o’zgartish va qo’shimchalar kiritilsin.
  3. O’zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Moliya vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o’zgartish va qo’shimchalar to’g’risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH. Mirziyoev zimmasiga yuklansin.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV